YouVersion Logo
Search Icon

Yuhanno 8

8
8–BOB
Iso fohisha ayolni kechiradi
1Iso Zaytun togʻi#8:1 Zaytun togʻi — Quddus shahrining sharqiy devori boʻylab oʻtgan Qidron soyligining narigi tomonidagi tepalik. tomon ketdi. 2Saharda yana Maʼbadga qaytdi. Butun xalq Uning oldiga yigʻilib keldi, U esa oʻtirib, odamlarga taʼlim bera boshladi. 3Shu orada Tavrot tafsirchilari#8:3 Tavrot tafsirchilari — Musoning qonunini juda yaxshi bilgan ziyoli odamlar. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi TAVROT TAFSIRCHISI iborasiga qarang. bilan farziylar bir ayolni olib kelishdi. Ular bu ayolni zino qilayotganda ushlab olishgan edi. Ayolni hammaning oldiga turgʻizib, 4shunday deyishdi:
— Ustoz, bu ayol zino qilayotganda ushlandi. 5Muso qonunda bunday ayollarni toshboʻron qilishni buyurgan#8:5 Muso qonunda…buyurgan — Qonunlar 22:22-24 ga qarang.. Siz nima deysiz?
6Bu savol bilan ular Isoni tuzoqqa ilintirib, ayblashga asos topmoqchi edilar. Iso esa engashib barmogʻi bilan yerga yoza boshladi. 7Ular bu savolni qayta–qayta soʻrayverganlari uchun, Iso oʻrnidan turib dedi:
— Sizning orangizda kim begunoh boʻlsa, oʻsha birinchi boʻlib ayolga tosh otsin.
8Soʻng yana engashib, yerga yozishni davom ettirdi. 9Ular bu gapni eshitib#8:9 …bu gapni eshitib… — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida bu gapni eshitib, vijdonan fosh boʻlishdi., kattalardan boshlab hammasi birin–ketin keta boshlashdi. Oxirida yolgʻiz Iso bilan Uning oldida turgan ayol qoldi. 10Iso oʻrnidan turib ayolga dedi:
— Ey ayol, boshqalar qani? Hech kim seni mahkum qilmadimi?
11— Hech kim, Hazrat! — deb javob berdi ayol.
Iso dedi:
— Men ham seni mahkum qilmayman. Bor, bundan keyin boshqa gunoh qilma.
Iso Masih — olamning nuri
12Iso yana xalqqa gapirib dedi:
— Men olamning nuriman. Kimki Menga ergashsa, hech qachon zulmatda yurmaydi, balki hayot nuriga ega boʻladi.
13Farziylar Isoning bu gapiga eʼtiroz bildirdilar:
— Siz Oʻzingizga Oʻzingiz guvohlik beryapsiz. Bu guvohligingiz haqqoniy emas.
14Iso shunday javob berdi:
— Men Oʻzimga Oʻzim guvohlik bersam ham, guvohligim haqqoniydir. Chunki Men qayerdan kelib, qayerga ketayotganimni bilaman. Sizlar esa Mening qayerdan kelib, qayerga ketayotganimni bilmaysizlar. 15Sizlar insoniy oʻlchov bilan hukm qilasizlar. Men esa hech kimni hukm qilmayman. 16Bordi–yu, Men hukm qilsam ham, hukmim haqqoniydir. Chunki Men Oʻzim emas, balki Meni yuborgan osmondagi Otam bilan birga hukm qilaman. 17Oʻzlaringizning Tavrotingizda: “Ikki guvohning shahodati haqqoniydir”#8:17 Qonunlar 19:15 ga qarang., deb yozilgan–ku. 18Shunday ekan, bitta guvoh Menman, ikkinchisi Meni yuborgan Otadir.
19Shunda ular Isodan:
— Otangiz qayerda? — deb soʻradilar. U bunga javoban dedi:
— Sizlar Meni ham, Otamni ham tanimaysizlar. Agar Meni taniganingizda edi, Otamni ham tanigan boʻlar edingizlar.
20Bu soʻzlarni Iso Maʼbadda taʼlim berayotib, xayr–ehson qutisining oldida aytdi. Hech kim Uni qoʻlga olmadi, chunki Uning vaqt–soati hali kelmagan edi.
Isoni rad qilganlarning qismati
21Iso ularga yana dedi:
— Men ketyapman. Sizlar Meni qidirasizlar va gunohkor boʻlib oʻlasizlar. Men boradigan joyga sizlar bora olmaysizlar.
22— Nahotki U Oʻzini Oʻzi oʻldirsa? “Men boradigan joyga sizlar bora olmaysizlar”, deb aytyapti–ku, — deyishdi oʻzaro yahudiylar. 23Iso ularga shunday dedi:
— Sizlar bu dunyodansizlar, Men esa yuqoridanman. Sizlar bu olamga mansubsizlar, Men esa bu olamdan emasman. 24Shuning uchun sizlarga: “Gunohkor boʻlib oʻlasizlar”, deb aytdim. Ha, agar Oʻsha Men ekanligimga ishonmasangizlar, gunohkor boʻlib oʻlasizlar.
25— Siz kimsiz? — deb soʻrashdi Isodan. Iso shunday dedi:
— Kimligimni sizlarga boshidan aytib kelyapman–ku! 26Sizlarni ayblab aytadigan gapim juda koʻp. Lekin Meni Yuborgan haqdir, Men Undan nima eshitgan boʻlsam, oʻshani dunyoga maʼlum qilaman.
27Ular esa Iso samoviy Otasi haqida gapirayotganini tushunmadilar. 28Iso soʻzida davom etdi:
— Inson Oʻgʻlini yuqoriga koʻtarganingizda#8:28 Inson Oʻgʻlini yuqoriga koʻtarganingizda… — Isoning xochdagi oʻlimiga ishora (3:14, 12:31-33 ga qarang)., Oʻsha Men ekanligimni bilib olasizlar. Oʻshanda Men Oʻzimcha hech narsa qilmaganimni, faqat Otam oʻrgatgan narsalarni aytganimni tushunib olasizlar. 29Meni Yuborgan doimo Men bilan birgadir. U Meni yolgʻiz tashlab ketmagan. Zero, Men har doim Unga maʼqul boʻlgan ishlarni qilaman.
30Isoning aytgan gaplarini eshitgan koʻp odamlar Unga imon keltirdilar.
Ozod qiladigan haqiqat
31Shu vaqt Iso Unga ishongan yahudiylarga dedi:
— Agar Mening soʻzlarimga rioya qilsangizlar, haqiqiy shogirdlarim boʻlasizlar. 32Sizlar haqiqatni bilib olasizlar, haqiqat esa sizlarni ozod qiladi.
33Ular shunday deb javob berishdi:
— Biz Ibrohim naslimiz. Hech qachon hech kimga qul boʻlmaganmiz. Qanday qilib Siz, “Ozod boʻlasizlar”, deb aytyapsiz?
34Iso dedi:
— Sizlarga chinini aytayin: gunoh qiluvchi har bir kishi gunohning qulidir. 35Qul hech qachon xonadon aʼzosi boʻla olmaydi, oʻgʻil esa abadulabad oʻz xonadonining aʼzosidir. 36Shunday ekan, agar Oʻgʻil sizlarni ozod qilsa, haqiqatan ozod boʻlasizlar. 37Ibrohim nasli ekanligingizni bilaman. Biroq Mening jonimga qasd qilmoqchisizlar. Chunki Mening soʻzim qalbingizdan joy topmagan. 38Men Otaning huzurida nima koʻrgan boʻlsam, oʻshani sizlarga aytyapman. Sizlar esa oʻz otangizdan oʻrganganingizni qilyapsizlar.
Ibrohim bolalari va iblis bolalari
39Ular Isoga shunday javob berdilar:
— Bizning otamiz Ibrohimdir.
Iso shunday dedi:
— Agar Ibrohimning farzandlari boʻlganingizda edi, Ibrohimning qilgan ishlarini qilgan boʻlar edingizlar. 40Men sizlarga Xudodan eshitgan haqiqatni soʻzlab berdim, xolos. Shunday boʻlsa–da, sizlar Meni oʻldirmoqchisizlar. Ibrohim bunday ish qilmagan. 41Sizlar Ibrohimning emas, oʻz otangizning ishlarini qilyapsizlar.
— Iye, biz zinodan tugʻilmaganmiz. Bizning bittayu bitta Otamiz — Xudoning Oʻzi–ku! — deb javob berishdi Isoga. 42Iso ularga shunday dedi:
— Agar Otangiz Xudo boʻlganda edi, Meni yaxshi koʻrgan boʻlar edingiz, chunki Men Xudodan kelib, endi shu yerda turibman. Men Oʻzimcha kelganim yoʻq, Meni U yubordi. 43Nega aytganlarimni anglamayapsizlar?! Bunga sabab — soʻzlarimni hazm qila olmaganingiz. 44Sizlarning otangiz Xudo emas, iblisdir. Sizlar oʻz otangizning nafsu ehtiroslarini bajo qilishni xohlaysizlar. Azaldanoq iblis qotil edi. U hech qachon haqiqat tarafdori boʻlmagan, chunki unda haqiqat yoʻq. U yolgʻon soʻzlaganda, oʻziga xos soʻzlaydi. Chunki u yolgʻonchi, yolgʻonning otasidir. 45Ammo Men haqiqatni gapirganim uchun Menga ishonmayapsizlar. 46Qaysi biringiz Meni biron gunohda ayblay olasiz? Agarda haqiqatni gapirayotgan boʻlsam, nega Menga ishonmayapsizlar? 47Kim Xudoga tegishli boʻlsa, Xudoning soʻzlariga quloq soladi. Sizlar esa Xudoga begona boʻlganingiz uchun quloq solmayapsizlar.
Iso azaldan mavjud
48Bunga javoban yahudiylar shunday dedilar:
— Siz Samariyaliksiz–ku#8:48 Samariyalik — yahudiylar Samariyaliklardan hazar qilishar edi. Bu oʻrinda kamsitish niyatida ishlatilgan. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi SAMARIYALIK soʻziga qarang., Sizni jin uribdi, deb toʻgʻri aytgan ekanmiz!
49Iso dedi:
— Meni jin urgani yoʻq. Men osmondagi Otamni hurmat qilaman. Sizlar esa Meni beobroʻ qilyapsizlar. 50Men Oʻzimga obroʻ orttirmoqchi emasman. Lekin obroʻyimni koʻtaradigan bor, Uning Oʻzi hukm qiladi. 51Sizlarga chinini aytayin: kim Mening soʻzimga rioya qilsa, hech qachon oʻlim koʻrmaydi.
52Shunda yahudiylar dedilar:
— Sizni jin urganini endi aniq bilib oldik! Ibrohim oʻldi, paygʻambarlar ham oʻlib ketishgan. Siz esa: “Kim Mening soʻzimga rioya qilsa, hech qachon oʻlmaydi”, deyapsiz–a?! 53Nahotki Siz vafot etgan otamiz Ibrohimdan ham ustun boʻlsangiz?! Paygʻambarlar ham oʻlib ketishgan–ku! Siz Oʻzingizni kim deb hisoblaysiz oʻzi?!
54Iso shunday javob berdi:
— Agar Men Oʻzimni Oʻzim maqtasam, maqtovlarim behudadir. Otamning Oʻzi Meni maqtaydi. Sizlar Uni Xudoyimiz deb ataysizlar, 55aslida esa Uni tanimaysizlar. Men esa Uni bilaman. Agar, Uni bilmayman, desam, sizlarga oʻxshagan yolgʻonchi boʻlaman. Men Uni bilaman va Uning soʻziga rioya qilaman. 56Otangiz Ibrohim kelgan kunimni kutib, xursand boʻlgan edi. Oʻsha kunni koʻrib, qattiq quvondi.
57— Siz hali ellik yoshga toʻlmagan boʻlsangiz, qanday qilib Ibrohimni koʻrgansiz?! — deyishdi yahudiylar Unga. 58Iso ularga shunday javob berdi:
— Sizlarga chinini aytayin: Ibrohim tugʻilmasdan oldin Men bor boʻlganman#8:58 …Ibrohim tugʻilmasdan oldin Men bor boʻlganman — Isoning bu gapini yahudiylar kufrlik deb hisoblab, Uni toshboʻron qilmoqchi boʻldilar, chunki faqatgina Xudo Oʻzi haqida shunday deb ayta olardi (Chiqish 3:14, Ishayo 41:4 ga qarang)..
59Shunda Isoni toshboʻron qilmoqchi boʻldilar. Iso esa yashirincha Maʼbaddan chiqib ketdi#8:59 Yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida quyidagi soʻzlar oyatga qoʻshimcha qilingan: U ularning orasidan oʻtib ketdi, hech kim buni sezmadi..

Currently Selected:

Yuhanno 8: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in