Luqo 23
23
23–BOB
Iso Pilat huzurida
1Butun Kengash aʼzolari turib, Isoni hokim Pilatning#23:1 hokim Pilat — 3:1 ga va oʻsha oyatning uchinchi izohiga qarang. oldiga keltirdilar. 2Ular Isoni ayblay boshladilar:
— Biz bu Odamni xalqimizni yoʻldan ozdirayotganda ushlab oldik. U, Qaysarga#23:2 Qaysar — barcha Rim imperatorlariga berilgan unvon. Bu oʻrinda Qaysar Tiberiyga ishora qilingan (3:1 ga va oʻsha oyatning ikkinchi izohiga qarang). soliq toʻlamanglar, Men Masihman, yaʼni shohman, deb aytib yuribdi.
3Pilat Isodan:
— Sen yahudiylarning shohimisan? — deb soʻradi.
— Siz shunaqa deysiz, — deb javob berdi Iso.
4Shunda Pilat bosh ruhoniylarga va olomonga:
— Men bu Odamni ayblashga hech qanday sabab koʻrmayapman, — dedi. 5Ammo ular qattiq turib oldilar:
— U Oʻz taʼlimoti bilan butun Yahudiyadagi#23:5 Yahudiya — 6:17 izohiga qarang. odamlarni qoʻzgʻolonga daʼvat qilyapti. U bu qilmishini Jalilada boshlagandi, endi shu yerga ham yetib kelibdi.
6Pilat bu gapni eshitib:
— Bu Odam Jalilalikmi? — deb soʻradi. 7Iso Hirodning#23:7 Hirod — 3:1 ga va oʻsha oyatning toʻrtinchi izohiga qarang. qoʻli ostidagi hududdan ekanini Pilat bilgach, Uni Hirod huzuriga joʻnatdi. Hirod oʻsha paytda Quddusda edi.
Iso Hirod oldida
8Hirod Isoni koʻrib, juda xursand boʻlib ketdi. U anchadan buyon Isoni koʻrmoqchi boʻlib yurgan edi. Chunki Hirod Iso haqida eshitgan, Uning biron moʻjizasini koʻrsam degan niyatda edi. 9Hirod Isoga koʻp savollar berdi, ammo Iso hech biriga javob qaytarmadi. 10Shu yerda turgan bosh ruhoniylar bilan Tavrot tafsirchilari esa Uni shiddat bilan qoraladilar. 11Shundan keyin Hirodning oʻzi ham askarlari bilan birga Isoni kamsitib masxaraladi. Unga shohona chopon kiydirib, Pilatning oldiga qaytarib yubordi. 12Bir–biriga dushman boʻlgan Hirod bilan Pilat oʻsha kuni doʻstlashdilar.
Iso oʻlimga hukm qilinadi
13Pilat bosh ruhoniylar, yoʻlboshchilar va xalqni chaqirib, 14ularga dedi:
— Sizlar bu Odamni xalqni yoʻldan ozdirishda ayblab, oldimga olib keldingizlar. Men Uni sizlarning oldingizda tekshirib koʻrdim. Ammo sizlar Unga qoʻygan ayblardan birontasini men topmadim. 15Hirod ham hech nima topolmagani uchun Uni bizning oldimizga qaytarib yubordi. Xullas, bu Odam oʻlimga loyiq biron ish qilmagan. 16-17Shuning uchun men Uni kaltaklab, ozod qilib yuboraman#23:16-17 Yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida quyidagi soʻzlar 17–oyatni tashkil etib, qoʻshimcha qilingan: Odatga koʻra, har Fisih bayramida Pilat bir yahudiy mahbusni ozod qilar edi. Yana Mark 15:6 ga qarang..
18Xaloyiq esa bir ogʻizdan:
— Unga oʻlim! Bizga Barabbasni ozod qiling! — deb baqira ketishdi.
19Barabbas shaharda yuz bergan isyonda#23:19 isyon — yuz bergan bu hodisa kitob yozilgan davrda yashagan odamlarga maʼlum boʻlgan. Hozirgi davrda bu isyon haqida hech qanday maʼlumot yoʻq. ishtirok etib, qotillik qilgan, shuning uchun zindonga tashlangan edi. 20Pilat Isoni ozod qilmoqchi boʻlib, olomonga yana murojaat etdi. 21Ammo olomon:
— Xochga mixlansin! Xochga mixlansin! — deb shovqin koʻtardi. 22Pilat uchinchi marta ularga aytdi:
— Nimaga? U nima yomonlik qildi, axir?! Men Unda oʻlimga loyiq biror ayb topganim yoʻq. Shunday ekan, men Uni kaltaklab, ozod qilib yuboraman!
23Biroq olomon ovozi boricha:
— Iso xochga mixlansin! — deb baqirib, talab qilaverdi. Nihoyat ularning baqir–chaqirlari ustun keldi. 24Pilat ularning talabini bajarishga qaror qildi. 25Olomonning istagiga koʻra, isyonda ishtirok etib, qotillik qilgani uchun zindonga tashlangan odamni Pilat ozod qildi, Isoni esa olomonning ixtiyoriga topshirdi.
Iso xochga mixlanadi
26Rim askarlari Isoni olib ketdilar. Ular ketayotganlarida, Shimoʻn degan bir odamni uchratib qoldilar. Shimoʻn Kirineyalik#23:26 Kirineya — bu shahar Oʻrta yer dengizi boʻyida, hozirgi Liviya mamlakatining hududida joylashgan edi. boʻlib, daladan shaharga qaytib kelayotgan ekan. Askarlar uning yelkasiga xochni#23:26 xoch — bu oʻrinda xochning koʻndalang yogʻochiga ishora qilingan. Oʻlimga mahkum qilingan inson bu yogʻochni hukm ijro qilinadigan joygacha oʻzi koʻtarib borishi kerak edi. Bundan oldin Isoni ayovsiz qamchilashgani uchun (Matto 27:26, Mark 15:15, Yuhanno 19:1), U shu qadar holdan toygan ediki, ehtimol, xochni Oʻzi koʻtarishga madori qolmagan boʻlsa kerak. ortib, Isoning ketidan borishga majbur qildilar. 27Bir talay olomon Isoning ortidan ergashib kelayotgan edi. Ularning orasida ayollar ham bor edi. Ayollar koʻksiga urib, Iso uchun faryod qilardilar.
28Iso ayollarga qarab dedi:
— Men uchun yigʻlamanglar, ey Quddus qizlari! Oʻzlaringiz uchun, farzandlaringiz uchun yigʻlanglar. 29Shunday kunlar keladiki: “Tugʻmagan, bola emizmagan, bepusht ayollar baxtlidir”, deb aytishadi. 30Oʻshanda odamlar togʻlarga: “Ustimizga qulanglar!” deya baqirishadi. Qirlarga: “Bizni bosib qolinglar!” deb yolvorishadi#23:30 Xoʻsheya 10:8 ga qarang. Yana Vahiy 6:15-17 ga qarang.. 31Koʻkarib turgan daraxtga shunday qilsalar, qurigan daraxtni nima qilar ekanlar?!
32Iso bilan birga ikki jinoyatchini ham qatl qilishga olib ketayotgan edilar. 33Bosh suyagi degan joyga yetib kelganlaridan soʻng, askarlar Isoni xochga mixladilar. Iso bilan birga ikkita jinoyatchini ham mixladilar, ularning biri Isoning oʻng tomonida, biri chap tomonida edi. 34Iso:
— Ey Ota! Ularni kechirgin, ular nima qilayotganini bilmaydilar, — dedi#23:34 Iso…dedi — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida bu gap yoʻq..
Askarlar qurʼa tashlab, Isoning kiyimlarini boʻlishib oldilar#23:34 …qurʼa tashlab, Isoning kiyimlarini boʻlishib oldilar — Zabur 21:19 ga qarang.. 35Olomon qarab turardi. Yahudiy yoʻlboshchilari esa Isoning ustidan kulib, shunday derdilar:
— U boshqalarni qutqarardi. Agar U Xudo tanlagan Masih boʻlsa, endi Oʻzini qutqarib koʻrsin–chi!
36Askarlar ham Isoni masxaraladilar. Ular Isoga arzon sharob#23:36 arzon sharob — bu oʻrinda ishlatilgan yunoncha soʻz avom xalq kunda ichadigan nordon sharobga ishora qiladi. Bu sharob Rim askarlari uchun oʻsha yerga olib kelingan boʻlishi mumkin. ichirgani yaqinlashib, 37shunday dedilar:
— Agar Sen yahudiylarning Shohi boʻlsang, Oʻzingni Oʻzing qutqar–chi!
38Isoning bosh tomonida: “Bu yahudiylarning Shohidir” degan yozuv bor edi#23:38 Isoning bosh tomonida…yozuv bor edi — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida Isoning bosh tomonida yunon, lotin va oramiy tillarida…yozuv bor edi..
39Xochga mixlangan jinoyatchilardan biri Isoni haqoratlab dedi:
— Masih ekansan, Oʻzingni ham, bizni ham qutqarmaysanmi?!
40Ikkinchi jinoyatchi esa bu sherigiga taʼna qildi:
— Xudodan qoʻrqmaysanmi?! Oʻzing ham shu Odam kabi jazoga mahkum boʻlgansan–ku! 41Biz qilmishimizga yarasha adolatli jazo oldik. U esa hech qanday yomonlik qilgani yoʻq.
42Keyin dedi:
— Ey Iso#23:42 Iso — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida Rabbim Iso., taxtingizga oʻtirib, Shoh boʻlganingizda meni eslang!
43Iso unga dedi:
— Senga chinini aytayin, bugunoq sen Men bilan birga jannatda boʻlasan.
Isoning oʻlimi
44-45Tush payti edi. Kun qoraydi, soat uchga#23:44-45 Tush payti…soat uch… — yunoncha matnda Oltinchi soat…toʻqqizinchi soat…, yahudiylarning urf–odatiga koʻra, kunning bu paytlari oʻsha soatlar bilan belgilanar edi. qadar hamma yoq zulmatga choʻmdi. Maʼbaddagi parda#23:44-45 Maʼbaddagi parda — shoh Hirod qayta qurgan Maʼbadda ikkita parda bor edi. Pardaning biri Maʼbadning kiraverishida osilgan, ikkinchisi esa Eng muqaddas xonani Muqaddas xonadan ajratib turar edi. Bu oyatda Eng muqaddas xonani Muqaddas xonadan ajratib turadigan parda nazarda tutilgan. Maʼbaddagi pardaning yirtilishi Iso tufayli odamlarga Xudoning huzuriga yoʻl ochilganidan dalolat beradi (Yuhanno 4:19-24, Ibroniylar 9:1-10, 10:19-22 ga qarang). oʻrtasidan yirtildi. 46Iso baland ovoz bilan faryod qildi:
— Ota! Ruhimni Sening qoʻllaringga topshiryapman#23:46 Ruhimni Sening qoʻllaringga topshiryapman — Zabur 30:6 ga qarang..
Shunday dedi–da, jon berdi. 47Voqeani koʻrib turgan Rim yuzboshisi Xudoni ulugʻlab:
— Haqiqatan ham, bu Odam solih ekan, — dedi.
48Tomoshaga toʻplangan olomon sodir boʻlgan voqealarni koʻrib, qaygʻudan koʻksiga ura–ura uylariga qaytib ketdilar. 49Isoni bilganlar esa, shu jumladan, Jaliladan Unga ergashib kelgan ayollar yuz bergan voqealarni uzoqdan kuzatib turardilar.
Iso dafn etiladi
50Oliy kengash aʼzolari orasida Yusuf ismli yaxshi va solih bir kishi bor edi. 51U Yahudiyadagi Arimateya shahridan#23:51 Arimateya shahri — Quddusdan 35 kilometr shimoli–gʻarbda joylashgan. boʻlib, Xudoning Shohligini intizorlik bilan kutardi. Yusuf Kengash aʼzolarining bu qarorini va qilgan ishini maʼqullamagan edi. 52U Pilatning oldiga borib, Isoning jasadini soʻradi. 53Yusuf jasadni xochdan tushirib olib, zigʻir matosi bilan kafanladi. Keyin jasadni qoyaga oʻyilgan qabrga qoʻydi. Bu qabrga hali hech kim qoʻyilmagan edi. 54Bu kun Shabbat arafasi boʻlib, Shabbat kuni boshlanishiga oz qolgandi#23:54 …Shabbat kuni boshlanishiga oz qolgandi — yahudiylarning urf–odatiga koʻra, yangi kun quyosh botgandan keyin boshlanar edi. Juma kuni tugayotgani uchun, qoidaga koʻra, ayollar Shabbat kuni oʻtgandan keyingina jasadga xushboʻy moylar surtib, uni mumiyolasa boʻlar edi.. 55Jaliladan Iso bilan birga kelgan ayollar Yusufning orqasidan ergashib bordilar. Ular qabrni va Isoning jasadi qanday dafn qilinganini koʻrdilar. 56Ular uylariga qaytib borib, jasadga surtish uchun xushboʻy moylar va atirlar tayyorladilar#23:56 …jasadga surtish uchun xushboʻy moylar va atirlar tayyorladilar — yahudiylarning urf–odatiga koʻra, jasad dafn qilinishdan oldin unga xushboʻy hidli ziravorlar va moylar surtilar edi.. Shabbat kuni esa, qonunda buyurilganday, dam oldilar.
S'ha seleccionat:
Luqo 23: O‘zbMK
Subratllat
Comparteix
Copia
Vols que els teus subratllats es desin a tots els teus dispositius? Registra't o inicia sessió
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020