YouVersion लोगो
खोज आइकन

Ibtido Kirish

Kirish
Ibtido kitobi Tavrotning birinchi kitobidir. Mazkur kitobda olamning yaratilishi, inson zotining paydo boʻlishi, Isroil xalqining kelib chiqishi toʻgʻrisida soʻz yuritiladi. Butun borliqni, yer yuzidagi jamiki xalqlaru shohliklarni, insoniyat tarixini yagona Xudo boshqarishiga kitobda alohida urgʻu beriladi.
Ibtido kitobining birinchi qismida (1-11–boblar) olam va insoniyatning Ibrohim paygʻambargacha boʻlgan davri hikoya qilinadi. Xudo hamma narsani juda ajoyib qilib yaratgan edi, lekin ilk yaratilgan ikki inson — Odam Ato bilan Momo Havo Xudoga itoat etmadilar. Ularning itoatsizligi tufayli dunyoga gunoh kirib keldi. Insonlar shu qadar gunohga botib ketdilarki, Nuh paygʻambardan va uning oilasidan tashqari, jamiki insoniyatni qirib tashlash uchun Xudo yer yuziga toʻfon yuborishga qaror qildi. Nuh va uning oilasi Xudoga itoat etardi, shuning uchun Xudo Nuhga: “Oʻzingni, oilangni, hayvonlar va qushlarning har bir turini saqlab qolish uchun katta kema yasa”, deb amr etdi. Toʻfondan keyin odamzod yana yer yuzi boʻylab yoyildi. Lekin ularning koʻpchiligi yana Xudoga itoat etmay qoʻydi.
Ibtido kitobining qolgan qismi (12-50–boblar) Ibrohim va uning xonadoni tarixiga oid voqealarni qamrab oladi. Xudo Ibrohim xonadonini, Oʻzimning xalqim qilaman, deb tanlab oladi. Ibrohim va uning xotini Sora befarzand edilar, lekin Xudo ularga farzand vaʼda qilib, oʻsha farzand orqali jamiki xalqlarga baraka berishini aytadi.
Xudoning amri bilan Ibrohim va Sora oʻzlarining ona yurtini tark etib, Kanʼon yurtiga koʻchib boradilar. Xudo bu yurtni ularning nasliga berishni vaʼda qilgan edi. Ibrohim bilan Sora ancha keksayib qolganlarida, Xudo Oʻz vaʼdasini bajarib, ularga oʻgʻil ato etadi, ular oʻgʻlining ismini Isʼhoq qoʻyadilar. Isʼhoq ikki oʻgʻil koʻradi, oʻgʻillariga Yoqub va Esov deb ism qoʻyadi. Yoqub oʻn ikki oʻgʻil koʻradi. Ular Isroilning oʻn ikki qabilasiga asos soladilar.
Kitobning oxirida Yoqubning oʻgʻli Yusuf haqida hikoya qilinadi. Yusufning aka–ukalari uni Ismoiliy savdogarlariga qul qilib sotib yuborishadi. Lekin vaqti kelib, Yusuf Misr hokimi boʻladi. Shu orqali u qahatchilik davrida Misr xalqini va otasi Yoqubning butun xonadonini qutqarib qoladi. Mazkur kitobning mohiyati shundan iboratki, Xudo insoniyat taqdirini boshqaradi, yuz berayotgan hamma hodisalarni nazorat qiladi, hatto insonning yomon niyatiyu qabih ishlarini Oʻzining ezgu rejasini amalga oshirish uchun ishlatadi. Misr yurtida Yusuf aka–ukalariga shunday deydi: “Sizlar menga ravo koʻrgan yomonlikni Xudo yaxshilikka ishlatdi. Son–sanoqsiz odamlarni saqlab qolish uchun U meni shu yerga olib keldi.” (Ibtido 50:20)

अहिले सेलेक्ट गरिएको:

Ibtido Kirish: O‘zbMK

हाइलाइट

शेयर गर्नुहोस्

कपी गर्नुहोस्

None

तपाईंका हाइलाइटहरू तपाईंका सबै यन्त्रहरूमा सुरक्षित गर्न चाहनुहुन्छ? साइन अप वा साइन इन गर्नुहोस्