Luqo 24
24
24–BOB
Iso Masih tiriladi
1Yakshanba kuni erta tongda ayollar tayyorlab qoʻygan xushboʻy moylarini#24:1 tayyorlab qoʻygan xushboʻy moylari — 23:56 ga va oʻsha oyatning izohiga qarang. olib, qabrga keldilar#24:1 Yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida quyidagi soʻzlar oyatga qoʻshimcha qilingan: Ular bilan boshqa bir necha ayol ham bor edi.. 2Qabr ogʻzidagi tosh agʻdarilib yotganini koʻrdilar. 3Ichkariga kirdilar, ammo Rabbimiz Isoning jasadini topmadilar. 4Ular gangib qoldilar. Shunda toʻsatdan ayollarning qarshisida ikki odam paydo boʻldi. Ularning kiyimlari yarqirab turardi. 5Ayollar vahimadan boshlarini yerga egib turishdi. Odamlar esa ayollarga shunday deyishdi:
— Nega siz tirikni oʻliklar orasidan qidiryapsizlar? 6U bu yerda yoʻq, U tirildi! Hali Jalilada boʻlgan paytida sizlarga nima deganini eslanglar. 7U sizga: “Inson Oʻgʻli gunohkor odamlar qoʻliga tutib beriladi, xochga mixlanadi, uchinchi kuni esa tiriladi”, degan edi–ku#24:7 U sizga…degan edi–ku — 18:31-33 ga qarang..
8Shunda ayollar Isoning bu soʻzlarini esladilar. 9Ular qabr yonidan qaytib, bu voqeani oʻn bir shogirdga va qolgan hammaga aytib berdilar. 10Havoriylarga bu xabarni Magdalalik#24:10 Magdala — Jalila koʻlining gʻarbiy qirgʻogʻidagi qishloq. Maryam, Yoʻanna va Yoqubning onasi Maryam yetkazdilar. Ular bilan birga boshqa ayollar ham bor edi. 11Ammo havoriylar, bu ayollar safsata tarqatyaptilar, deb oʻyladilar, ayollarning gaplariga ishonmadilar. 12Butrus esa oʻrnidan turib, qabr tomon yugurdi. Ichkariga engashib qarab, u yerda faqatgina kafanni koʻrdi. Yuz bergan voqeadan hayron qolib, uyiga qaytib ketdi.
Emmaus yoʻlida
13Oʻsha kuni Isoning shogirdlaridan ikkitasi Emmaus degan qishloqqa ketishayotgan edi. Bu qishloq Quddusdan taxminan oʻn chaqirim#24:13 oʻn chaqirim — yunoncha matnda oltmish stadion, taxminan 11 kilometrga toʻgʻri keladi. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida bir yuz oltmish stadion, taxminan 30 kilometrga toʻgʻri keladi. uzoqlikda joylashgan edi. 14Ular yuz bergan voqealar toʻgʻrisida suhbatlashib ketayotgan edilar. 15Ular gaplashib, boʻlib oʻtganlarni muhokama qilib ketayotganlarida, Isoning Oʻzi ularga yaqinlashib, hamroh boʻldi. 16Shogirdlar Isoni koʻrdilar, ammo Uni taniy olmadilar.
17Iso ulardan:
— Nimani muhokama qilib ketyapsizlar? — deb soʻradi. Ular toʻxtab qoldilar, yuzlari gʻamgin edi#24:17 Ular toʻxtab qoldilar, yuzlari gʻamgin edi — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida Nega yuzlaringiz gʻamgin?. 18Shogirdlaridan Kleopas degani Unga javob berdi:
— Shu kunlarda Quddusda koʻp voqealar yuz berdi. Bulardan bexabar qolgan musofir yolgʻiz Siz boʻlsangiz kerak.
19— Qanday voqealar? — deb soʻradi Iso ulardan.
— Nosiralik Iso toʻgʻrisidagi voqealar–da, — deb javob berdi ular. — Iso paygʻambar edi, Xudo oldida va butun xalq oldida soʻzlari va ishlari bilan qudratini koʻrsatdi. 20Ammo bosh ruhoniylarimiz bilan yoʻlboshchilarimiz Uni oʻlimga mahkum qilib, xochga mixlash uchun tutib berdilar. 21Biz esa, U Isroilni xalos etadi, deb umid qilgan edik. Bu hodisalar sodir boʻlganiga bugun uch kun boʻldi. 22Buning ustiga–ustak, oramizdagi ayrim ayollar bizni hayratda qoldirishdi. Ular bugun saharda qabrga borgan ekanlar, 23Uning jasadini topa olmabdilar. Ayollar qaytib kelib: “Bizga farishtalar zohir boʻldi, ular bizga, Iso tirik, deb aytishdi” degan xabarni olib kelishdi. 24Shunda oramizdan baʼzilar qabrga borib, ayollarning gapi toʻgʻri ekanini koʻrdilar. Iso qabrda yoʻq edi.
25Iso ularga dedi:
— Bunchalik befahm boʻlmasangizlar?! Paygʻambarlarning gaplariga ishonish nega sizlar uchun shunchalik qiyin?! 26Axir, Masih ulugʻlanishidan oldin bu azoblarni boshdan kechirishi kerak edi–ku!
27Keyin Musodan tortib, barcha Paygʻambarlar bitiklarida#24:27 …Musodan tortib, barcha Paygʻambarlar bitiklari… — Eski Ahd kitoblari toʻplamiga ishora (shu bobning 44–oyati izohiga qarang). Oʻzi haqida yozilgan soʻzlarning hammasini Iso ularga tushuntirdi. 28Nihoyat, ular borayotgan qishloqqa yaqinlashdilar. Iso Oʻzini yoʻlda davom etadigan qilib koʻrsatdi. 29Lekin ular Isoga:
— Kech boʻlib qoldi, hademay qorongʻi tushadi. Biz bilan birga qoling, — deb qistadilar.
Iso ular bilan birga qolgani ichkariga kirdi. 30Ular bilan birga dasturxonga oʻtirganda, nonni olib shukrona duosini aytdi va nonni sindirib ularga berdi. 31Shunda ularning koʻzlari ochilib, Isoni tanib qolishdi. Biroq Iso koʻzdan gʻoyib boʻldi.
32Shogirdlar bir–biriga dedilar:
— U yoʻlda biz bilan gaplashib, Muqaddas bitiklarni tushuntirayotganda, yuraklarimiz jizillamaganmidi, axir?!
33Shu zahoti oʻrinlaridan turib, Quddusga qaytib bordilar. Oʻn bir havoriyni va ular bilan toʻplanib turganlarni topdilar. 34Havoriylar ularga:
— Rabbimiz Iso haqiqatan ham tirilibdi! U Butrusga#24:34 Butrus — yunoncha matnda Shimoʻn, Butrusning yana bir ismi (6:14 ga qarang). koʻrinibdi! — deb aytdilar. 35Shunda Emmausdan qaytib kelgan ikki shogird ham yoʻldagi voqealarni, Iso nonni sindirayotganda Uni qanday tanib qolganlarini aytib berdilar.
Iso shogirdlariga zohir boʻladi
36Ular bu toʻgʻrida hali gapirayotganlarida, Isoning Oʻzi oʻrtalarida zohir boʻldi.
— Sizlarga tinchlik boʻlsin! — dedi.
37Shogirdlar, arvoh koʻryapmiz, deb oʻylab oʻtakasi yorildi. 38Lekin Iso ularga dedi:
— Nega qoʻrqib ketdingizlar? Nechun koʻnglingizda buncha gumonlar tugʻilyapti? 39Qoʻllarimga va oyoqlarimga qaranglar, bu Men Oʻzimman. Meni ushlab koʻringlar. Arvohning etu suyagi boʻlmaydi–ku, axir! Mening esa, koʻrib turganingizday, etu suyagim bor.
40Iso shu gaplarni aytib, ularga qoʻl–oyoqlarini koʻrsatdi. 41Shogirdlari sevinchdan taajjublanib hali ham ishonmay turganlarida, Iso ulardan soʻradi:
— Bu yerda yeydigan biron narsangiz bormi?
42Shogirdlari Unga bir boʻlak qovurilgan baliq#24:42 bir boʻlak qovurilgan baliq — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida bir boʻlak qovurilgan baliq va bir oz mumli asal. berishdi. 43Iso buni olib, ularning koʻzlari oldida yedi. 44Keyin Iso shogirdlariga dedi:
— Sizlar bilan birga boʻlgan paytlarimda, Musoning Tavrot kitobida, Paygʻambarlar bitiklarida va Zaburda#24:44 …Tavrot…Paygʻambarlar bitiklari…Zabur… — odatda yahudiylar, Eski Ahd toʻplami uch qismdan iborat, deb aytadilar. Bu uch qism quyidagilardir: Tavrot (Musoning qonuni degan nom bilan ham yuritiladi), Paygʻambarlar bitiklari (uning tarkibiga baʼzi tarixiy kitoblar ham kirgan) va Bitiklar (Zabur bu qismning birinchi kitobidir). Yahudiylar baʼzan dastlabki ikki qism “Tavrot va Paygʻambarlar bitiklari” deganda butun Eski Ahd toʻplamini nazarda tutadilar (misol uchun, shu bobning 27–oyatiga qarang). Men toʻgʻrimda yozilganlar bajo boʻlishi kerak, deb sizlarga aytgan edim.
45Soʻngra Iso, Muqaddas bitiklarni tushunib yetsinlar deb, ularning ongini ochdi 46va ularga dedi:
— Masih azob chekishi va uchinchi kuni oʻlikdan tirilishi kerak, deb yozilgan. 47Yana, tavba qilish va gunohlarning kechirilishi haqidagi xabar Uning nomi bilan jamiki xalqlarga vaʼz qilinishi kerak, deb ham yozilgan. Shunday ekan, Quddusdan boshlab, 48hamma odamlarga koʻrgan–bilganlaringizni aytinglar. 49Men sizlarga osmondagi Otam vaʼda qilgan Muqaddas Ruhni yuboraman#24:49 Men sizlarga osmondagi Otam vaʼda qilgan Muqaddas Ruhni yuboraman — 3:16, 11:13 ga va Havoriylar 2:1-21 ga qarang.. Shuning uchun yuqoridan qudrat kelib sizlarni qamrab olmaguncha, shu shaharda qolinglar.
Iso osmonga koʻtariladi
50Shundan keyin Iso shogirdlarini shahardan tashqariga — Baytaniya#24:50 Baytaniya — Quddus shahrining sharqiy devori boʻylab oʻtgan Qidron soyligining narigi tomonida joylashgan qishloq. yaqiniga olib chiqdi. Iso qoʻllarini koʻtarib, ularni duo qildi. 51Duo qilayotib, ulardan uzoqlashib boraverdi va osmonga koʻtarildi.
52Shogirdlar esa Unga sajda qildilar va katta sevinch ila Quddusga qaytib bordilar. 53Ular doimo Maʼbadda boʻlib, Xudoni olqishlar edilar#24:53 Yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida quyidagi soʻz oyatga qoʻshimcha qilingan: omin..
Currently Selected:
Luqo 24: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020